O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI RESPUBLIKA TA’LIM MARKAZI
ONA TILIDAN DAVLAT TA’LIM STANDARTI
(8 sinf)
Toshkent – 2004
O‘quvchilarning egallashi kerak bo‘lgan
zaruriy bilimlar
8-sinf
Sintaksis.
Gap va uning nutqdagi o‘rni. Gapning grammatik asosi. Ega va kesim, ularning ifodalanishi. Sodda gap, uning tuzilishi, ma’no xususiyatiga ko‘ra turlari.
Gapning ikkinchi darajali bo‘laklari: to‘ldiruvchi, hol, aniqlovchi, ularning ifodalanishi. Ma’no va grammatik tuzilishiga ko‘ra turlari. Gapda gap bo‘laklarining tartibi. Odatdagi tartib. O‘zgargan tartib. Inversiya.
Gapda kirish bo‘laklar. Gapning uyushiq bo‘laklari, ularda umumlashtiruvchi bo‘laklar. Uyushiq va uyushmagan aniqlovchi. Uyushmagan aniqlovchilarning tartibi. Uyushiq bo‘laklarning o‘zaro bog‘lanishi. Undalma, undalmali gaplarda tinish belgilari.
Ajratilgan izoh bo‘laklar, ma’nosi va grammatik tuzilishiga ko‘ra turlari.
Murakkab sintaktik butunlik. Murakkab sintaktik butunlikning tarkibiy qismlari. Murakkab sintaktik butunlik va abzas munosabati. Murakkab sintaktik butunlik va kichik mavzu munosabati.
O‘quvchilarning egallashi zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalar
8 - sinf
5 – 7 – sinflarda o‘rganilgan, shuningdek 8 —sinfda o‘rganiladigan grammatik atamalarni esda saqlash, tushunish.
Grammatik atamalar orqali zarur qoidalarni tez topa olish, bunda ba’zan tasniflarga tayana bilish.
So‘z birikmasi bilan gapni, gap bo‘laklarini, sodda gapning turlarini, sodda gap bilan qo‘shma gapni, kiritma bilan gap bo‘lagini, ajratilgan izoh bo‘lak bilan gap bo‘lagini o‘zaro farqlay olish, muhim belgilarni izohlay bilish.
Morfologik, sintaktik, uslubiy tahlil qila olish.
Matn yaratish jarayonida o‘zbek adabiy tili grammatikasining me’yor va imkoniyatlariga rioya qilish, so‘zlashuv nutqi bilan kitobiy nutq me’yorlariga amal qilish, gapda so‘zlarni to‘g‘ri joylashtira olish, o‘zgargan tartib va inversiyadan to‘g‘ri foydalana bilish.
Ikki bosh bo‘lakli va bir bosh bo‘lakli gaplardan sintaktik sinonimlar tarzida foydalana bilish.
Bayon, insho, ish qog‘ozlari, xabar, ma’lumotnoma, ariza, hisobot, tarjimai hol yoza olish.
Uyushiq bo‘lakli, ajratilgan izoh bo‘lakli, kiritmali gaplarni ifodali o‘qiy olish.
Yozma ish uchun material to‘play bilish, to‘plangan materialni tizimga sola bilish, sodda va murakkab reja tuza bilish, yozma ishga epigraf va xotima tanlay olish, ishga qiziqarli epizod qo‘sha bilish, dialogli parchalar kirita olish, murakkab sintaktik butunlik yaratish qoidalariga amal qila bilish, tinish belgilarini o‘rinli ishlatish, matnni tahrir qila olish.
Fikrni yozma shaklda bayon etish malakasi bo‘yicha: miqdoriy ko‘rsatkich - 20 - 25 gapdan iborat tugal matn yarata olish. Sifat ko‘rsatkichlar - matndagi gaplarning mazmunan bog‘langanligi, bog‘lovchi vositalardan to‘g‘ri foydalanilganligi, 5-8-sinflarda egallangan bilimlardan foydalanilganligi.