O'zbekcha          Русский          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

Найти!







 Informatika 8 sinf
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

 
 
“INFORMATIKA VA HISOBLASH TEXNIKASI ASOSLARI”
FANIDAN UMUMIY O‘RTA TA’LIMNING
DAVLAT TA’LIM STANDARTI
       

        O’quvchilar informatika va hisoblash texnikasi asoslari kursiga oid quyidagi bilim, ko’nikma va malaka elementlarini egallashlari shart:

·       informatika, kompyuterlar, axborot texnologiyalari, axborot kommunikatsiyalariga oid eng asosiy tushunchalarni bilish;

·       axborotlarni qayta ishlashga oid asosiy amallar, usullarni bilish,  konkret vaziyatda qo’llay olish;

·       zamonaviy axborot texnologiyalariga aloqador eng asosiy dastur va texnik vositalar bilan ishlay olish;

·       zamonaviy kompyuterlar arxitekturasi, ish mexanizmi va pritsiplarini bilish;

·       algoritmlash asoslarini bilish;

·       kompyuterda masalalar yechish bosqichlari haqida aniq tasavvurga ega bo’lish va bu jarayonni tahlil etish elementlarini bilish;

·       zamonaviy axborot texnologiyalari va tarmoqlarining jamiyatimiz taraqqiyotidagi istiqbollari haqida tasavvurga ega bo’lish;

·       dasturlash asoslarini bilish;

·       kompyuter  savodxoni va mustaqil foydalanuvchi talablariga javob berish;

·       turli axborot manba’laridan(Internet yoki boshqa) foydalana olish;

·       davlatimizda ushbu sohaga(axborot texnologiyalariga) oid qabul qilingan farmon, qaror va qonunlar haqida ma’lumotga ega bo’lish;

·       keyingi ta’lim bosqichida va hayotda uchraydigan o’quv yoki boshqa xildagi masalalarni yechish uchun axborot texnologiyalarini tatbiq etish haqida asos bo’luvchi tasavvurga ega bo’lish.

 

DAVLAT TA’LIM STANDARTIGA SHARH

 

1. Informatika va hisoblash texnikasi asoslari kursining maqsad va vazifalari

«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da,  kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va  texnologiyalarning  zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan  holda qayta qurish  nazarda tutiladi,  deb ta’kidlangan. Informatika va axborot texnologiyalari jahonda jadal sur’atlar bilan rivojlanib, takomillashib borayotgan sohadir.

Yangi ta’lim tizimiga o’tilayotgan hozirgi davrda har bir fanning o’qitish mazmunini qayta tahlildan o’tkazish va bunda tubdan isloh qilish nuqtai nazaridan yondashuv zarur bo’ladi. Natijada kompyuter savodining tayanch tabaqasi o’z vaqtida amalga oshadi va boshqa fanlarni o’rganish sohasida ham muayyan yutuqlarga erishish mumkin bo’ladi.

Umumiy  ta’lim maktablarining 8-, 9-sinflarida «Informatika va hisoblash texnikasi asoslari» kursining maqsadi - o’quvchilarga axborotlarni qayta ishlash texnologiyalari va ulardan foydalanish jarayonlari haqida puxta va ongli ravishda o’zlashtirish uchun bilim asoslari berishni ta’minlashdan, ularga o’quv va  keyingi ish faoliyatlarida kompyuterlardan oqilona foydalanish ko’nikma va malakalarini berishdan, shular asosida yangi axborot texnologiyalarining mamlakatimiz taraqqiyotiga qo’shadigan xissasi to’g’risida tasavvur hosil qilishdan iborat.

Umumiy ta’lim maktablarida Informatika va hisoblash texnikasi asoslari kursining asosiy vazifalari:

·        axborotlarni qayta ishlash haqida ilmiy dunyoqarash asoslarini shakllantirish;

·        zamonaviy kompyuter texnikasinining tuzilishi, tarkibi, ishi va qo’llash imkoniyatlari bilan tanishtirish;

·        kompyuterlar bilan amaliy ishlash ko’nikma va malakalarini shakllantirish;

·        axborot texnologiyalari haqida bilimlar berish hamda ular bilan ishlash ko’nikma va malakalarini shakllantirish;

·        kompyuterda masalalalar yechish texnologiyalari bilan tanishtirish, uning asosiy bosqichlari haqida aniq tasavvur hosil qilish va ko’nikmalarni shakllantirish;

·        asosiy algoritmik tuzilmalarni bilish, algoritmlash va dasturlash asoslari bo’yicha ko’nikmalarni shakllantirish; 

·        kompyuterning dastur ta’minoti tarkibi, vazifalarini va ularni o’rnida qo’llash imkoniyatlarini aniqlay bilish;

·        kurs davomida ega bo’lingan bilim va ko’nikmalardan tipik o’quv masalalarini yechishda foydalana olish;

·        yangi axborot texnologiyalarining jamiyatimizning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotidagi muhim ahamiyati va inson faoliyatining turli jabhalariga ijobiy ta’siri haqida tasavvur hosil qilish.

Umumiy ta’limda informatika va hisoblash texnikasi asoslari kursi oldiga qo’yilgan vazifalarning (8-,9-sinf o’quvchilari uchun) bajarilishini ta’minlash va nazorat qilish  ushbu Davlat ta’lim standarti orqali amalga oshiriladi. U umumta’lim maktablarida beriladigan informatika va hisoblash texnikasi asoslari fanining mazmunining majburiy minimumi hamda o’quvchilarning informatikadan tayyorgarlik darajasiga qo’yiladigan minimal talablar majmuasini ifodalaydi.

Informatika va hisoblash texnikasi asoslari kursining majburiy minimumi umumiy ta’lim maktablarida o’quvchilarga informatikadan berilishi zarur bo’lgan ta’lim mazmunining minimumini ifodalaydi.

 

2. UMUMIY  O’RTA TA’LIM MAKTABLARI INFORMATIKA VA HISOBLASH TEXNIKASI ASOSLARI KURSI MAZMUNINING MAJBURIY MINIMUMI

 

 2.1. Zamonaviy kompyuterlar

 

Hisoblash texnikasi taraqqiyot davrlari (mexanik mashinalargacha bo’lgan, mexanik mashinalar, elektromexanik mashinalar, elektron hisoblash mashinalari davri). EXM avlodlari va ularning tavsifi. Shaxsiy kompyuter, uning arxitekturasi. Kompyuter qurilmalari: protsessor, tezkor xotira, doimiy xotira, tashqi xotira (egiluvchan magnit disk, qattik disk-vinchester, CD- disk, fleshka, strimmer, magnit tasma), , nurli pero, rasm plansheti, monitor, diskyurituvchi, printer, skaner, plotter, joystik,  registr, trigger, soundblaster, modem, videoproyektor, doimiy quvvat manbai. Mantiqiy amallar va sxemalar.

 

2.2. Axborot texnologiyalari

 

Dasturiy ta’minot: Operatsion sistema va uning vazifalari, amaliy dasturlar, uskunaviy dasturlar. Magnit disklar bilan ishlash (fayl, katalog). Magnit disklarning turlari va xususiyatlari; Interfeys va uning turlari;

 

2.3. Web-sahifa yaratish

 

HTML haqida tushuncha va web-brauzerlar. Web – sahifaga matn joylashtirish. Web – sahifaga jadval va ro’yxat joylashtirish. Web – sahifada gipermurojaat. Web – sahifaga rasm joylashtirish. Web – sahifada rasm yordamida o’tish. Boshqa web-sahifalar bilan aloqa va tarkibiy web-sahifalar. Web-sahifada formalar.

 

3.    O’QUVCHILARNING TAYYORGARLIK DARAJASIGA QO’YILADIGAN ZARURIY TALABLAR

 

3.1. Kompyuterlar

 

O’quvchilar quyidagi bilimlarga ega bo’lishlari zarur: Hisoblash texnikasi taraqqiyot davrlarini ajrata bilish. EHM avlodlari davrlarini bilish. Har bir avlod EHMlarining tavsiflarini bilish. Shaxsiy kompyuter va uning asosiy va tashqi (vinchester va CD-disklar, fleshka) qurilmalari haqida ma’lumotga ega bo’lish; Kompyuterning mantiqiy va fizik tuzilishi (arxitekturasi) haqida tushunchaga ega bo‘lish; mantiqiy amallar va elementlarni bilish.

Quyidagi ko’nikmalarni egallashlari zarur: Kompyuterni elektr mabaiga to’g’ri ulash va o’chirish. Mulohazalar ustida amallar bajara olish. Hisoblash texnikasi taraqqiyotinig har bir davriga xos hisoblash qurilmalariga misollar keltira olish;

Quyidagi malakalarga ega bo’lishlari lozim: Kompyuterning asosiy va qo’shimcha qurilmalarini bilish va ishlata olish.

 

 

3.2. Axborot texnologiyalari

 

O’quvchilar quyidagi bilimlarga ega bo’lishlari zarur: Dasturiy ta’minot va uning turlari haqida tushunchaga ega bo’lish. Operatsion sistema va uning vazifalarini bilish. Fayl va kataloglar haqida tushunchaga ega bo’lish. Kompyuterning tashqi xotira turlari va xususiyatlarini bilish. Interfeys va uning turlarini bilish. Qobiq dasturlar va ularning vazifalarini bilish.

Quyidagi ko’nikmalarni egallashlari zarur: Fayllar va kataloglar bilan ishlash. Kompyuterning tashqi xotira qurilmalari bilan ishlash. Windows operatsion sistemasida ishlay olish.

Quyidagi malakalarga ega bo’lishlari lozim: Amaliy dasturlardan foydalana olish. Operatsion sistema va uning vazifalarini bilish.

 

 

3.3. Web-sahifa yaratish

 

O’quvchilar quyidagi bilimlarga ega bo’lishlari zarur: HTML va web-brauzerlar nimaligini, web-sahifaga matn, jadval, ro’yxat va rasmlarni qanday joylashtirilashini, gipermurojaat va formalar hosil qilishni, tarkibiy web-sahifalar nimaligini bilish.

Quyidagi ko’nikmalarni egallashlari zarur: Web – sahifaga matn,  jadval, ro’yxat va rasmlarni joylashtirishni,  gipermurojaat va formalar hosil qilishni,  tarkibiy web-sahifalar hosil qilishni uddalay olish.

Quyidagi malakalarga ega bo’lishlari lozim: HTML da berilgan mavzu bo’yicha to’laqonli web-sahifa yarata olish.



Tuzuvchilar:

          

A.Abduqodirov -

“ISTE’DOD” jamg‘armasi, Masofadan o‘qitish markazi direktori, pedagogika fanlari doktori

T. Azlarov -

Toshkent shahar 40-maktab informatika o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi

A. Azamatov -

Toshkent shahar 274-maktab informatika o‘qituvchisi, fizika – matematika fanlari nomzodi

B. Boltayev - 

Respublika ta’lim markazi, ta’lim jarayonini axborotlashtirish bo’limi boshlig’i,  fizika – matematika fanlari nomzodi

M. Mahkamov -

Respublika ta’lim markazi, ta’lim jarayonini axborotlashtirish bo’limi

A. Daliyev-

Davlat mulk qo’mitasi, iqtisod fanlari nomzodi

S. Hafizov -

“O‘zbeko‘quvavtomatika” bosh muhandisi

 

 

 

  © Copyright 2014 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz