O'zbekcha          Ðóññêèé          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

  Íàéòè!

Kengaytirilgan qidiruv     








 VAQTINCHALIK NIZOM
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining 2007 yil 18 iyundagi 17 va 12/QQ-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
 
Umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini
akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qitish bilan qamrab olish tartibi to‘g‘risidagi
VAQTINCHALIK NIZOM
 
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Vaqtinchalik nizom O‘zbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 29 oktabrdagi «Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga izchil o‘tishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 473-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003 yil 20-son, 199-modda) muvofiq, umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini (ke­yingi o‘rinlarda matnda bitiruvchilar deb yuritiladi) o‘zlari tanlagan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida majburiy o‘qitishni ta’minlash masalalari bo‘yicha nazorat qilish tartibi, hisobga olish shakli va mas’ul shaxslarning hisobot berish turlarini belgilaydi.
 
2. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qabul qilish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 
II. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olishni hisobga olish
3. Bitiruvchilarning o‘zlari tanlagan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirishi to‘g‘risidagi arizalari asosida umumta’lim maktablari direktorlari tomonidan hujjatlar yig‘ma jildi shakllantiriladi.
 
4. Umumta’lim maktablari direktorlari bitiruvchilar hujjatlarini tegishli akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshiradi. Maktab va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi direktorlari o‘rtasida bu haqda topshirish-qabul qilish ma’lumotnomasi to‘rt nusxada rasmiylashtiriladi.
Ushbu ma’lumotnomaning bir nusxasi hududiy o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga, bir nusxasi hududiy xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga hamda qolgan ikki nusxasi maktab va akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji direktorlarida saqlanadi.
 
5. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining qamrab olish imkoniyati doirasida o‘qish istagini bildirgan bitiruvchilar akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining safiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtiriladi.
 
6. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining qamrab olish imkoniyatidan ortiq bitiruvchilar o‘qish istagini bildirgan holatlar quyidagicha tartibga solinadi:
      a) bolalikdan nogiron bolalar, yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bitiruvchilar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qarori bilan tegishli akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining safiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadilar;
      b) xalqaro, O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bosqichidagi fan olimpiadalari g‘oliblari, a’lo darajadagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lgan bitiruvchilar ustunlikka ega bo‘ladi;
      v) yuqoridagi «a» va «b» kichik bandlardagi toifaga kirmagan bitiruvchilar: shahodatnomaning o‘rtacha bali bo‘yicha, ushbu ballar teng bo‘lib qolgan hollarda tanlagan akademik litsey va kasb-hunar kolleji tayyorlov yo‘nalishlari bo‘yicha bitiruvchining tegishli («g» kichik bandida ko‘rsatilgan) fanlardan olgan ballar yig‘indisi bo‘yicha hisoblanadi;
      g) ta’lim muassasalarining tayyorlov yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan to‘plangan ballar yig‘indisi hisobga olinadi:
Akademik litseylarning — aniq fanlar, kasb-hunar kollejlarining — ta’lim, fan hamda muhandislik, ishlov berish va qurilish tarmoqlari: matematika, fizika, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti);
Akademik litseylarning — ijtimoiy-gumanitar fanlar hamda madaniyat va san’at, kasb-hunar kollejlarining — ijtimoiy fanlar, biznes va huquq hamda gumanitar fanlar va san’at: tarix, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika.
Akademik litseylarning — tabiiy fanlar, kasb-hunar kollejlarining — qishloq va suv xo‘jaligi hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot: kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti);
Akademik litseylarning — xorijiy filologiya, kasb-hunar kollejlarining — xizmatlar: o‘rta maktabda o‘qigan xorijiy tili, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika.
      d) bitiruvchilarning umumiy ballari teng bo‘lib qolgan va boshqa nizoli hollarda ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish jarayonida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi nizoli hollar yuzasidan axborotni O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga kiritadi.
 
7. Ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan tartib asosida qamrab olinmagan bitiruvchilarning hujjatlari ularning xohishiga ko‘ra akademik litsey va kasb-hunar kolleji hamda hududiy o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan kelishuv asosida boshqa o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘tkaziladi.
Bu borada o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlari tomonidan hujjatlarni topshirish-qabul qilish ma’lumotnomasi rasmiylashtiriladi va hududiy boshqarmalarga topshiriladi.
Hududiy boshqarma boshliqlari ma’lumotlarni umumlashtirib bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga yozma axborot beradi.
 
8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bitiruvchilarning akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olinganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish Davlat komissiyasiga hisobot beradi.
 
9. Bitiruvchilarning akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan nazorat qilinadi.
Bitiruvchilarning hujjatlari akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga to‘liq topshirilishiga maktablar va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlari shaxsan javobgardir.
 
III. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olishini rasmiylashtirish
10. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish jarayoni yakuniga ko‘ra tegishli hujjatlar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi direktori tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
 
11. Xorijiy fuqarolar, respublikada doimiy istiqomat qilayotgan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qishlari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 
IV. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qitish bilan qamrab olishni nazorat qilish
12. Majburiy o‘qishni davom ettirishda bitiruvchilarga to‘sqinlik qilayotgan maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining mansabdor shaxslari, shuningdek o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning qonuniy vakillari O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
 
V. Yakuniy qoidalar
13. Mazkur Vaqtinchalik nizom O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2007 yil 4 iyundagi majlisi 1-son bayoni bilan ma’qullangan.
 
14. Mazkur Vaqtinchalik nizom 2008 yil 1 yanvargacha amal qiladi.
  © Copyright 2012 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.aci.uz    www.ziyonet.uz