Ta'lim muassasalari haqidagi nizomlarni tasdiqlash to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining "Ta'lim to'g'risida" O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida" 1992 yil 2 iyuldagi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
maktabgacha tarbiya muassasasi to'g'risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
maktabdan tashqari muassasa to'g'risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
mehribonlik uyi to'g'risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq.
2. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tasarrufida maktabgacha tarbiya va maktabdan tashqari muassasalar, mehribonlik uylari bo'lgan vazirliklar va idoralar:
uch oy muddatda ta'lim muassasalari to'g'risidagi idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar;
tasdiqlangan nizomlarni amalga oshirish bo'yicha zarur tashkiliy tadbirlarni amalga oshirsinlar.
3. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Ta'lim va fan bo'limiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasining
Bosh vaziri A. MUTALOV