O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasining tarkibi to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limiga izchil o'tishni ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" 2003 yil 29 oktyabrdagi 473-son qaroriga muvofiq hamda umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining 9-sinflari bitiruvchilarini 10-sinflarga, kasb-hunar kollejlariga, akademik liseylarga va oliy o'quv yurtlariga qabul qilishni puxta muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasining shaxsiy tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasiga qo'shimcha ravishda quyidagi funksiyalar yuklansin:
Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 29 oktyabrdagi 473-son qarori bilan tasdiqlangan 9-sinflarni bitiruvchilarni keyinchalik akademik liseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablarining 10-sinflarida o'qitish bilan qamrab olishning istiqbolli ko'rsatkichlari so'zsiz
bajarilishini ta'minlash ishlarini tashkil etish;
9-sinflarni bitiruvchilarning umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida o'qitishning keyingi shakllari bilan to'liq qamrab olinishini har yili tizimli nazorat qilish;
umumta'lim maktablarining vaqtincha ishlab turgan o'ninchi-o'n birinchi sinflari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
9-sinflarni bitiruvchilarning qamrab olinishi monitoringini amalga oshirish, viloyatlar, shaharlar va tumanlar bo'yicha ishlarning ahvolini umumlashtirish va har yili 1 oktyabrgacha, yangi o'quv yili boshlanishi yakunlariga ko'ra Vazirlar Mahkamasiga axborot materiallari tayyorlash.
3. Belgilansinki, Ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasining o'z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlari oliy, o'rta umumta'lim va o'rta maxsus, kasb-hunar o'quv yurtlariga ega bo'lgan vazirliklar va idoralar uchun majburiy hisoblanadi.
4. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining "O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat test markazi tashkil etish to'g'risida" 1994 yil 14 maydagi 258-son qarorining 2-bandi (Komissiya tarkibiga oid qismi) va qarorga 2-ilova;
Vazirlar Mahkamasining "2003/2004 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga qabul to'g'risida" 2003 yil 14 iyundagi 269-son qarorining 5-bandi va qarorga 4-ilova o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Azizxo'jaev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I.Karimov