Oliy ta'limning davlat ta'lim standartlarini tasdiqlash to'g'risida
"Ta'lim to'g'risida" va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunlarini bajarish yuzasidan va oliy ma'lumotli yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta'limning uzluksizligi va davomiyligini ta'minlash, jahon ta'lim tizimiga qo'shilish, shuningdek oliy ta'limning o'quv-metodik va normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
"Oliy ta'limning Davlat ta'lim standarti. Asosiy qoidalar" 1-ilovaga* muvofiq;
"Oliy ta'limning Davlat ta'lim standarti. Oliy ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori" 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligiga oliy ta'lim muassasalariga ega bo'lgan vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda:
bakalavriat yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining davlat ta'lim standartlarini, o'quv rejalari va fanlar dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, ular asosida darsliklar va o'quv qo'llanmalarining yangi avlodini yaratish;
oliy ta'lim tizimi uchun normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan "Oliy ta'lim to'g'risidagi nizom" va "Oliy ta'lim muassasasining vasiylik kengashi to'g'risidagi nizom"ni ishlab chiqish va tasdiqlash;
Oliy ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga zaruriyat bo'lganda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish;
oliy va o'rta maxsus ta'lim, kasb-hunar ta'limi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni muvofiqlashtirish yuklansin.
3. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi oliy ta'lim muassasalariga ega bo'lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi vazifalarini amalga oshirishda to'plangan tajribani hamda oliy ta'limni
rivojlantirishning jahon tendensiyasini hisobga olgan holda bakalavriat yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining davlat ta'lim standartlari, o'quv rejalari va fanlar dasturlarining yangi avlodini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. O'zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo'mitasi, "O'qituvchi", "O'zbekiston", "Ibn Sino" nashriyotlari, "Sharq" aksiyadorlik kompaniyasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining buyurtmanomalari bo'yicha bakalavriat yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining davlat ta'lim standartlari, o'quv rejalari va fanlar dasturlari, darsliklar va o'quv qo'llanmalari o'z vaqtida nashr etilishini ta'minlasinlar.
5. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining taqdim etilgan smetasi bo'yicha davlat ta'lim standartlari, fanlarning o'quv dasturlari, darsliklar va o'quv qo'llanmalari tayyorlash va nashr etishga zarur
moliyaviy mablag'larni Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi muassasalarining 2001 yilga tasdiqlangan xarajatlari smetasi doirasida ajratsin.
6. O'zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda oliy ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklarining yangi Klassifikatorga muvofiq davlat organlari, muassasalar va
tashkilotlarning bakalavrlar va magistrlar bilan to'ldiriladigan lavozimlari ro'yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. O'zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi oliy ta'lim muassasalariga ega bo'lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "2001/2002 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga qabul to'g'risida" 2001 yil 12 iyundagi 250-son qarorining 9-bandini hisobga olgan holda oliy ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
8. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi yoki oliy ta'lim muassasalari tomonidan tuzilgan bitimlarga muvofiq olib kelinayotgan o'quv-laboratoriya va ilmiy asbob-uskunalar, o'qitishning texnik vositalari, o'quv va ma'lumotnoma adabiyotlar bojxona to'lovlaridan ozod qilinsin, bojxona rasmiylashtiruvi yig'imlari bundan mustasno.
9. Mazqur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosarlari Q.S.Karomatov va R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining
Raisi I.Karimov