"O'zbekiston Respublikasi umumta'lim maktablarini axborotlashtirish" loyihasini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan beriladigan imtiyozli kreditdan samarali foydalanish chora-tadbirlari to'g'ri
Koreya Respublikasi Hukumati Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg'armasi (EOSE)ning imtiyozli kreditini jalb etish xisobidan moliyalashtiriladigan "O'zbekiston Respublikasida umumta'lim maktablarini axborotlashtirish" loyihasini amalga oshirish maqsadida:
1. Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan "O'zbekiston Respublikasida umumta'lim maktablarini axborotlashtirish" loyihasini (keyingi o'rinlarda - loyiha deb yuritiladi) amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasiga 30,0 mln. AQSh dollari ekvivalentiga teng miqdorda, un yillik imtiyozli davriy hisobga olgan holda 30 yil muddatga 1 (bir) foiz yillik stavka bo'yicha koreys vonida kredit berish to'g'risida qaror qabul qilinganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar belgilansin:
O'zbekistan Respublikasi Moliya vazirligi EDCF krediti bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz oluvchi hisoblanadi;
O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki EDCF kreditiga xizmat ko'rsatish bo'yicha moliyaviy agent hisoblanadi;
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi loyihani amalga oshirish bo'yicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
kredit bo'yicha asosiy qarzni qaytarish, komissiyalar, foizlar va boshqa to'lovlarni to'lash bilan bog'liq xarajatlar davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplanadi.
3. Loyihani moliyalashtirish sxemasi 1-ilovaga* muvofiq;
loyihani amalga oshirish uchun EDCF krediti bo'yicha beriladigan asosiy qarzni qaytarish va foizlarni to'lash jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Moliya vaziriga O'zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Koreya Respublikasi Hukumati bilan O'zbekiston Respublikasi Hukumati o'rtasida EDCF kreditini berish to'g'risidagi Bitimni hamda O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasining Eksport-import banki o'rtasida kredit bitimini imzolash vakolati berilsin.
5. O'zbekiston Respublikasi Tashki iqtisodiy faoliyat milliy banki Koreya Respublikasining vakil qilib tayinlangan banki bilan Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan ajratilgan kredit mablag'laridan foydalanish, xizmat ko'rsatish va ularni qaytarish bo'yicha
Agentlik bitimini tuzsin.
6. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Eksport-import banki o'rtasidagi kredit bitimi bo'yicha belgilangan tartibda yuridik hulosa bersin.
7. O'zbekiston Respublikasi Tashki iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi belgilangan tartibda mazkur kredit bitimi doirasida o'tkaziladi va tender savdolari natijalari asosida tuziladigan import shartnomalari bo'yicha xulosalar berilishini ta'minlasin.
8. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi:
O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligiga EDCF krediti mablag'laridan maqsadli va samarali foydalanish bo'yicha zarur hujjatlar va iqtisodiy asoslarni, jumladan uskunalar xarid qilish va xizmatlar ko'rsatishga tender hujjatlarni kelishib olishga belgilangan tartibda taqdim etsin;
bir oy muddatda Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazini tashkil etish va unga loyihani amalga oshirish, jumladan kredit mablag'laridan hukumatlararo bitimlar va O'zbekiston Respublikasining qonun xujjatlari talablariga muvofiq foydalanishni nazorat qilish va hisobga olish vazifalarini yuklash to'g'risidagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
EDCF krediti mablag'laridan maqsadli va samarali foydalanishni, shuningdek maktablarni asbob-uskunalar o'rnatishga va ulardan avaylab foydalanishga o'z vaqtida tayyorlashni ta'minlasin.
9. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi mazkur loyihaning belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasining 2006 yil va keyingi yillardagi Investisiya dasturiga kiritilishini ta'minlasin.
10. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi loyiha bo'yicha O'zbekiston Respublikasining hissasini ulushli moliyalashtirish uchun 2007-2009 yillarda Xalq ta'limi vazirligiga zarur mablag'lar ajratilishini nazarda tutsin.
11. Loyihani amalga oshirish davrida:
EDCF krediti mablag'lari hisobidan tender asosida sotib olinadigan asbob-uskunalar bojxona to'lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig'imlardan tashqari);
Koreya Respublikasi Hukumati krediti hisobidan loyihani amalga oshirish doirasida Koreya Respublikasining vakil qilib tayinlangan banklari va boshqa xorijiy ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi hududidagi to'lov manbalaridan olinadigan daromad (foyda) solig'i to'lashdan ozod etilsin.
12. O'zbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi Xalq ta'limi vazirligining talabnomalariga ko'ra loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga belgilangan tartibda kirish-chiqish vizalarini loyiha amalga oshiriladigan davr mobaynida
konsullik va boshqa yig'imlar undirilmagan holda rasmiylashtirilishini ta'minlasin.
13. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalq ta'limi vazirligining talabnomalariga ko'ra loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarning vaqtincha ro'yxatda turishi davlat bojlari undirilmagan holda rasmiylashtirilishini ta'minlasin.
14. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosarlari V.A. Golishev va R.S. Qosimov zimmalariga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent shahri, 2006 yil 27 mart, PQ-¹ 312.