Umumta'lim maktablari uchun darsliklar... nashr qilish tizimini takomillashtirish` loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ro'yobga chiqarish maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ta'lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish to'g'risida"gi Farmonini bajarish yuzasidan, Osiyo rivojlanish banki (ORB) bilan hamkorlikni mustahkamlashning muhimligini e'tiborga olib Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. ORB direktorlari kengashi "Umumta'lim maktablari uchun darsliklar va o'quv adabiyotlarini nashr qilish tizimini takomillashtirish" loyihasini amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasiga umumiy summasi 40 mln AQSh dollari bo'lgan kredit resurslari, shu jumladan:
Osiyo rivojlanish banki resurslaridan yangi darsliklar, o'quv-uslubiy qo'llanmalar va kutubxona kitoblari tayyorlash va nashr etish uchun majburiyatlar uchun vositachilik haqi yiliga 1 foiz hamda o'n yildan iborat imtiyozli davrni qo'shgan holda to'lov muddati 35 yil bo'lgan 14,455 mln SDR (20 mln AQSh dollariga teng shartli pul birligida) miqdorida kredit;
ORB oddiy kapital resurslari mablag'laridan matbaa asbob-uskunalari va qog'oz xarid qilish uchun o'zgaruvchan foiz stavkasi bo'yicha va besh yildan iborat imtiyozli davrni qo'shgan holda to'lov muddati 25 yil bo'lgan revolver asosda 20 mln AQSh dollari miqdorida qarz berilishini ma'qullagani ma'lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qo'yilsinki:
ORB kredit mablag'lari O'zbekiston Respublikasi va ORB o'rtasidagi Qarz va Kredit bitimlari asosida O'zbekiston Respublikasi hukumatiga beriladi;
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va ORB o'rtasidagi qayta kreditlash to'g'risidagi Bitimga muvofiq va loyiha bitimi asosida O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga ORB oddiy kapital resurslaridan olinadigan qarzni qayta kreditlaydi;
O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki qarzga olingan mablag'larni maktab o'quv adabiyotlarini nashr qilishga ixtisoslashtirilgan O'zbekiston Respublikasi nashriyotlariga va matbaa korxonalariga matbaa asbob-uskunalarini xarid qilish uchun 7 yilgacha davrga va qog'oz xarid qilish uchun 18 oygacha davrga revolver asosda beradi;
qarz mablag'lari, ular bo'yicha foizlar va vositachilik haqi nashriyotlar va matbaa korxonalari hisobiga hamda yetmagan kis-mi - davlat byudjeti mablag'lari hisobiga to'lanadi;
kreditni va majburiyat uchun vositachilik haqini Kredit bitimida belgilangan muddatda to'lash O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi uchun respublika byudjetida nazarda tutiladigan mablag'lar hisobiga amalga oshiriladi;
O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ORBning oddiy kapital resurslari mablag'idan beriladigan qarz bo'yicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi ORBning resurslaridan beriladigan kredit bo'yicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi.
3. Qarz va kreditni to'lash jadvallari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar:
O'zbekiston Respublikasi hukumati nomidan Qarz va Kredit bitimini, shuningdek O'zbekiston Respublikasi hukumati va O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki o'rtasidagi Qayta kreditlash to'g'risidagi Bitimni imzolashga Moliya vaziri;
O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va ORB o'rtasidagi 20 mln AQSh dollari miqdoridagi Loyiha bitimini imzolashga O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisi vakil qilinsin.
5. Qarz mablag'larini oluvchi nashriyotlar va matbaa korxonalari O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga zarur hujjatlar va qo'shimcha loyihalar texnik-iqtisodiy asoslashlari ekspertiza qilish uchun o'z vaqtida taqdim etilishini ta'minlasinlar.
6. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi beriladigan kredit mablag'laridan foydalanish yuzasidan zarur hujjatlar va texnik-iqtisodiy asoslashlar O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga o'z vaqtida taqdim etilishini ta'minlasin.
7. Adliya vazirligi O'zbekiston Respublikasi hukumati va ORB o'rtasidagi Qarz va Kredit bitimlari bo'yicha yuridik xulosalarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va ORBga taqdim etsin.
8. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalq ta'limi vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kredit va qarzni berish, ulardan foydalanish hamda kredit va qarzni, vositachilik haqi va ular bo'yicha
foizlarni qaytarish tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
9. Nashriyotlar va matbaa korxonalari ORB qarz mablag'lari hisobiga import qilinadigan asbob-uskunalarni bojxonada rasmiylashtirishda undiriladigan soliqlar va boj to'lovlaridan ozod etilsin.
10. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ijro etuvchi agentliklar buyurtmanomalariga ko'ra loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy tashkilotlar vakillariga to'lov undirmasdan vizalar, zarur hollarda, ko'p martalik vizalar berilishini ta'minlasin.
11. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni O'zbekiston Respublikasidagi yashash joyida ro'yxatdan o'tkazish uchun yig'imlar to'lashdan ozod qilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosarlari A. A. Azizxo'jaev va B. S. hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar
Mahkamasining Raisi I. Karimov
------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------
* Ilovalar berilmaydi.